Joriy yilning 2 avgust kuni Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 7-son yigʼilish bayoni tasdiqlandi.
Bayonnomaga asosan quyidagilar nazarda tutilgan:
- tabiiy gaz uchun ichki tarmoq narxlarini tasdiqlash;
- elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish uchun ichki tarmoq, shuningdek issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflarini qayta koʼrib chiqish;
- isteʼmolchilardan va elektr hamda issiqlik energiyasini ulgurji sotuvchilardan, shuningdek tabiiy gazdan olinadigan mablagʼlarni taqsimlash tartibini qayta koʼrib chiqish.
Bayonnoma bilan, 2021 yil 1 avgustdan boshlab, Neftgaz-tarmogʼi ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan realizatsiya qilinadigan tabiiy gaz boʼyicha ichki tarmoq narxlari oʼrtacha 21 % (QQS bilan) ga tushurilgan holda belgilanmoqda. Tariflarning qayta koʼrib chiqilishi “Oʼztransgaz”АJ va “Hududgaztaʼminot”АJlarning moliyaviy holatini yanada yaxshilash va sogʼlomlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, bayonnomada elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish uchun ichki tarmoq, shuningdek issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflari qayta koʼrib chiqilgan. Unga koʼra elektr energiyasini ishlab chiqarish boʼyicha ichki tariflar oʼrtacha 21,7 % ga oʼsgan.
Bunga asosiy sabab valyuta kurslarining oshishi, yangi bugʼ-gaz qurilmalarining oʼrnatilishi hisobiga amortizatsion ajratmalar hajmining koʼpayishi va inflyatsiya darajasining oʼsishi boʼlib qolmoqda.
Elektr energiyani yetkazib berish ichki tarmoq tariflari oʼrtacha 5,9 % ga kamaytirilmoqda, shuningdek taqsimlash va sotish boʼyicha ichki tarmoq tariflari oʼrtacha 4,5 %ga oshmoqda.
Taqsimlash va sotish boʼyicha tariflarning oʼsishiga sabab realizatsiya qilish hajmining hamda kapital qoʼyilmalar boʼyicha xarajatlarning oshganligidir.
Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish uchun ichki tarmoq, shuningdek issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflariga kiritilgan oʼzgartirishlar, avvalroq bu haqida ommaviy axborot vositalarida xabar berilganligini inobatga olgan holda, joriy yilning 20 avgustidan eʼtiboran kuchga kirishi maʼlum qilinadi.
Eslatib oʼtamiz, mazkur tariflar yoqilgʼi-energetika korxonalari uchun oʼzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun belgilangan boʼlib, yoqilgʼi-energetikasining yakuniy isteʼmolchilariga (abonentlarga) tatbiq etilmaydi hamda gaz va elektr energiyasining isteʼmol tarifiga taʼsir koʼrsatmaydi.