Admin 29-01-2021 10:55 228

Oʼzbekiston va Koreya Prezidentlarining sammiti boʼlib oʼtdi

Oʼzbekiston va Koreya Prezidentlarining sammiti boʼlib oʼtdi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 yanvarь kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan videoanjuman shaklida uchrashuv oʼtkazdi.

Ushbu sammitni oʼtkazish toʼgʼrisidagi kelishuv davlat rahbarlarining oʼtgan yil oktyabrь oyidagi muloqotlari davomida erishilgan edi.

Muzokaralar kun tartibidan Oʼzbekiston va Koreya oʼrtasidagi koʼp asrlik doʼstlik va alohida strategik sheriklik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari oʼrin oldi.

Davlat rahbarlari tadbirni ochib, bir-birlarini samimiy qutlar ekanlar, ushbu sammit kirib kelgan yangi yilda ikkala tomon uchun ham birinchi uchrashuv ekanini qayd etdilar. Bu ikki tomonlama hamkorlikda juda yuksak darajaga erishilganidan yana bir bor dalolat beradi.

Taʼkidlanganidek, koʼp qirrali Oʼzbekiston-Koreya munosabatlari, pandemiyaga qaramasdan, izchil rivojlanishda davom etdi. Oʼtgan yili davlat rahbarlari telefon orqali ikki marta muloqot qildilar hamda Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida birgalikda ishtirok etdilar.

Murakkab sharoitlarda yirik investitsiya va savdo loyihalarining amalga oshirilishi taʼminlandi, yangi kooperatsiya obʼektlari ishga tushirildi. Janubiy koreyalik sheriklarning koʼmagi va ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan, mintaqamiz uchun noyob boʼlgan zamonaviy bolalar koʼp tarmoqli tibbiyot markazi shular jumlasidan.

Oʼzbekiston Prezidenti koreys tomoni yangi koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarga salmoqli hissa qoʼshayotganini yuksak baholadi hamda ushbu xavfli kasallikning oldini olish, unga chalinganlarni samarali davolash va reabilitatsiya qilishda mamlakatimizga koʼrsatilayotgan katta amaliy koʼmak uchun minnatdorchilik bildirdi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar borasida soʼz yuritar ekanlar, alohida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tarafdori ekanliklarini taʼkidladilar.

Muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish va parlamentlararo almashinuvlarni faollashtirish, mamlakatlarimiz oʼrtasida diplomatik munosabatlar oʼrnatilganining 30 yilligiga bagʼishlangan ikki tomonlama tadbirlar dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Oliy, kasb-hunar va maktabgacha taʼlim, sogʼliqni saqlash, madaniy meros obʼektlarini raqamlashtirish va restavratsiya qilish sohalaridagi hamkorlikning joriy va istiqbolli dasturlari koʼrib chiqildi.

Prezidentlar Oʼzbekiston hududlarida Janubiy Koreya yetakchi universitetlarining filiallari va kadrlarni professional tayyorlash boʼyicha qoʼshma markazlar soni ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Mamlakatlarimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida oʼzbek va koreys tillarini oʼqitishni kengaytirishga, shuningdek, koreys diasporasini har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Iqtisodiy sohada Oʼzbekiston va Koreya hukumatlari va idoralari darajasida yoʼlga qoʼyilgan samarali ishlar qayd etildi. Prezidentlar investitsiya loyihalarini ilgari surish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish maqsadida ushbu muloqotlarni davom ettirish topshirigʼini berdilar.

Taʼkidlanganidek, joriy yilda janubiy koreyalik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida jami 400 million dollargacha investitsiyalarni oʼzlashtirish kutilmoqda.

Bundan tashqari, yuqori texnologik sohalarda, shu jumladan energetika, neftь-gaz, kimyo va neftь-kimyo, farmatsevtika, qayta ishlash sanoati, qishloq xoʼjaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport va logistika, turizm va koʼplab boshqa tarmoqlarda qiymati jami 3,4 milliard dollardan ziyod boʼlgan 55 ta yangi loyiha tayyorlanmoqda.

Ikki tomonlama ustuvor dasturlarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish fondi (EDCF) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan samarali sheriklik olib borilayotgani yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari oʼzaro savdo hajmini koʼpaytirish muhim ekanini taʼkidladilar. Keyingi yillarda tovar ayirboshlashda rekord koʼrsatkichlarga erishildi.

Eksport-import amaliyotlari oʼrtasidagi nomutanosiblikni tekislash va ularning nomenklaturasini diversifikatsiya qilish masalalariga, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish uchun fitosanitariya xizmatlarining hamkorligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda tomonlar erkin savdo toʼgʼrisidagi ikki tomonlama bitimni imzolash boʼyicha muzokaralarni boshlaydilar.

Prezident Mun Chje In Oʼzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlishi masalasiga har tomonlama koʼmaklashishini yana bir bor tasdiqladi.

Sammit chogʼida global va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tomonlar BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida, shuningdek, yuqori texnologiyalar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi dasturlarni ilgari surish maqsadida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida yaqindan hamkorlikni davom ettiradilar.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Seulning Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yoʼl bilan hal etish borasidagi saʼy-harakatlarini doimo qoʼllab-quvvatlashini taʼkidladi. Tomonlarning mintaqaviy oʼzaro bogʼliqlikni kuchaytirish boʼyicha tashabbuslari yuksak baholandi.

Davlat rahbarlari ekologiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan Orolboʼyi mintaqasi uchun koʼp sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qoʼllab-quvvatlash masalalariga alohida toʼxtaldilar.

Boʼlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi koʼrib chiqildi. Prezident Mun Chje In Prezident Shavkat Mirziyoevga oʼzi uchun qulay boʼlgan vaqtda Koreya Respublikasiga tashrif bilan kelish toʼgʼrisidagi taklifini tasdiqladi.

Sammit yakunida “Toʼrtinchi sanoat inqilobi”ga koʼmaklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik toʼgʼrisida memorandum,  EDCF bilan hamkorlik boʼyicha uch yilga moʼljallangan 1 milliard dollarlik dasturni amalga oshirish boʼyicha bitim, zamonaviy koʼp tarmoqli klinika va loyihaviy institut – Kimyoviy texnologiyalar markazini qurish loyihalari boʼyicha zayom bitimlari imzolandi.

Bundan tashqari, yetakchi kompaniyalar darajasida mamlakatimiz energetika infratuzilmasining muhim obʼektlarini modernizatsiya qilish toʼgʼrisidagi bitimlar imzolandi.

Davlat rahbarlari har doimgidek ochiq, samimiy, konstruktiv va doʼstona muhitda oʼtgan sammit yakunlaridan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.

Tomonlar onlayn-muzokaralar oʼz vaqtida oʼtkazilgani va natijadorligi jihatidan yuzma-yuz uchrashuvlar amaliyotidan qolishmaganini taʼkidladilar.

Prezidentlar doʼstlik va keng koʼlamli sheriklik aloqalarini mustahkamlash, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʼlida oʼzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarishda qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Hamkorlar